Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Beruniy tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur va suv iste’molchilari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Suv xo‘jaligidagi islohotlarni, sho‘r yuvishga yer tayyorlash, lazerli tekislashning ahamiyati, sug‘orish mavsumiga irrigatsiya tarmoqlari va nasos agregatlarini tayyorlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida tashkil qilingan tadbir doirasida kunning birinchi yarmida OAV vakillari uchun press-tur tashkil qilindi.
Bu jarayonda jurnalistlar Beruniy tumanidagi “Aksakal-acha” nasos stansiyasida bo‘lib, nasos agregatlarining sug‘orish mavsumiga shayligi hamda nasos stansiyalarida elektr energiyani iqtisod qilish, ta’mirlash borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullardan javoblar olishdi.
Ikkinchi manzilda OAV vakillari yer osti suvlari sathini onlayn kuzatuvchi “Dayver” qurilmalari bilan tanishdilar. Ma’lumot berilishicha, Beruniy tumanida hozirgi kungacha 93 dona kuzatuv quduqlariga “Dayver” uskunalari o‘rnatilib, avtomatlashgan markaziy axborot tizimiga o‘tkazildi. Barcha kuzatuv quduqlarinining ko‘rsatkichlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali yuritilmoqda. 2024-yil tumandagi kuzatuv quduqlariga 61 dona ana shunday raqamli texnologiyalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbir doirasida Beruniy tumanidagi “Ko‘chkinov Qudrat” fermer xo‘jaligi dalasida Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tomorqa egalari ishtirokida ochiq muloqot shaklidagi amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Juzbaуev, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidan respublikaga biriktirilgan vakil N.Ataqulovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kreditlar ajratish tizimiga kiritilgan o‘zgartishlar haqida fermerlarga keng turda ma’lumot berishdi. Jumladan, yangi onlayn “Suvkredit.uz” platformasi hamda qoraqalpog‘istonlik fermerlarga suv tejovchi texnologiyani joriy qilishdagi yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirda Beruniy tumani hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalasi bo‘yicha o‘rinbosari A.Qazaqboуev ham so‘z olib, sho‘r yuvish tadbirini belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha suv iste’molchilariga topshiriqlar berdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2024-yilning sho‘r yuvish davri uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish va sho‘r yuvish ishlari uchun 1 mlrd. 272,0 mln. m3 suv miqdorlari ajratilgan. Mazkur davrda 160,8 ming gektar sho‘r yuvish va 63 ming gektar g‘alla maydonlarida sug‘orish ishlarini amalga oshirish reja qilingan.
Sug‘orish ishlarida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sho‘r yuvish ishlarida agrotexnik qoidalarga, suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga qat’iy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish maqsadida barcha tumanlarga suv xo‘jaligi tashkiloti rahbar xodimlardan mas’ullar biriktirilib, 195 ta sug‘orish otriyadlari tashkil qilindi.
Sug‘orish otriyadlariga jami 6187 nafar suvchilar, shundan suv xo‘jaligi tashkilotlaridan 1018 nafar tajribali miroblar va 5099 nafar klaster va fermer xo‘jaliklari suvchilari jalb qilindi.
Bugungi kunda jami manbadan 245,8 mln. m3 suvdan foydalanilib, 10 ming 870 gektar g‘alla, 38 ming 795 gektar tomorqa va boshqa maydonlarda sug‘orish ishlari olib borildi.
Shuningdek, tumanlarda jami 102 ming 582 gektar maydon sho‘r yuvishga tayyorlanib, 14 ming 969 gektar maydonda sho‘r yuvish ishlari olib borildi.
Sho‘r yuvish ishlarini Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida 2024-yil fevral oyining ikkinchi yarmidan boshlash rejalashtirilmoqda.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari vegetatsiya davrida soliq solinadigan suv miqdorlarining hisob-kitobini yuritish masalalarida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga yuzlandilar.
Suv xo‘jaligi mas’ullari bu borada joriy qilinayotgan tizim, har bir suv olish quloqlarini talab darajasida jihozlar hamda olingan suv miqdorlari haqida tumandagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlari bilan suvni “oldi-berdi” jurnallariga qayd etib borish zarurligi kabi masalalarda tushuntirish berdilar.
Shuningdek, ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda suv iste’molchilari sho‘r yuvish, sug‘orish mavsumida suvni hisob kitobini yuritish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
G‘ayrat Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi