Bugungi kunda suv xo‘jaligi tashkilotlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, gidrotexnik mutaxassislarni doimiy ravishda zamonaviy texnologiyalar asosida bilim va malakalarini oshirib borish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. “Parkent-Qorasuv” irrigatsiya tizimi boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan o‘quv kursida ana shu maqsad ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 15-yanvaridan 25-yanvargacha bo‘lgan muddatda mazkur boshqarmada faoliyat yurituvchi 15 nafar gidrometr mutaxassislar va 28 nafar muhandis-gidrotexnik xodimlar zamonaviy suv o‘lchovchi texnologiyalar yordamida suvni o‘lchash va ulardan foydalanish bo‘yicha mutaxassislardan bilim olishadi.
– Qishloq xo‘jaligida suvga talab kundan-kunga ortib bormoqda, – deydi “Parkent-Qorasuv” ITB bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Abdukarimov. – Bugun suvni tejash va undan samarali foydalanishning eng maqbul yo‘li bu tizimga zamonaviy texnologiyalarni yanada kengroq joriy etishdir. Qolaversa, har bir suvchi zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak.
O‘quv kurslari davomida gidrometr xodimlar tajribali mutaxassislar yordamida ochiq kanallarda suv oqimini o‘lchash, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirib boriladi. Shuningdek, o‘qish davomida gidropostlarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish, gidrotexnik inshootlarni joriy ta’mirlash, ulardan foydalanish qoidalarini to‘g‘ri yuritish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Seminar yakunida har bir xodim yakuniy test imtihonlar topshirib malakalari baholandi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati