Qorako‘l tumani aholisi o‘rtasida ertangi qovoq yetishtirish va uning hosilidan yaxshigina daromad olish juda ommalashgan. Joriy yilda bu tajribani tuman suvchilari ham suv inshootlari atrofidagi ekin yerlarida sinab ko‘rishni niyat qilishgan. Shu maqsad yo‘lida hozirgacha amalga oshirilgan ishlar tahsinga loyiq.
Qorako‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM muhandis girotexnigi Bahodir Rustamov xonadonida tashkil etilgan issiqxonada 5 ming tup qovoq ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Ayni kunda chinbarg chiqargan ko‘chatlarni katta issiqxonalarga o‘tkazish mumkin. Yoki kunlar isiy boshlagach, ob-havo sharoitini inobatga olgan holda ochiq maydonlardagi kichik dugali oddiy issiqxonalarga ham o‘tkazsa bo‘ladi.
Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM boshlig‘i Hamroqul Ravshanovning ta’kidlashicha, tizimdagi barcha suv taqsimlash inshootlarida qovoq ko‘chatlarni ekish uchun yer maydoni va dugali issiqxona tayyorlash ishlari boshlab borilgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, qovoq – vitaminlar manbai. Uning tarkibida A, C, E, K, T, PP, shuningdek, hazm qilishni yaxshilaydigan va immunitetni mustahkamlaydigan B1, B2, B5 va B6 vitaminlari mavjud.
Qovoq tarkibida juda ko‘p miqdorda qimmatbaho tolalar, karotin va pektin moddalari, shuningdek, turli xil organlar va tizimlarning salomatligini ta’minlaydigan minerallar – kaliy, kalsiy, magniy, rux, mis, temir va fosfor kabi moddalar mavjud. Shuning uchun ham qovoqning organizm uchun foydasidan shubha qilishning keragi yo‘q.
Qorako‘llik suvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi hamkasblarni erpapishar qovoq yetishtirib, yuqori daromad olishga chaqiradi.
Shu kunlarda urug‘ qadashning ayni vaqti.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati