O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasalarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab berilgan. Ayni kunlarda bu borada Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida tashkil etilgan seminarda ana shu haqda so‘z yuritildi.
– Sir emas bugun suv bilan bog‘liq muammolar global darajaga chiqdi, – dedi Chirchiq-Ohangaron ITHB bosh mutaxassisi Turob Qayumov. – Xalqimizning suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan «suv – tekin» degan tushunchani o‘zgartirish davri keldi.
Seminarda mazkur hujjatning mazmun va mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Qarorga muvofiq iste’mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan, yuritishdan bosh tortgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv solig‘i bazasi ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Suvdan samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarning ahamiyati nihoyatda katta. Qarorda suv tejash texnologiyasini joriy qilgan iste’molchilarga soliq imtiyozlari berilmoqda. Xususan, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga yarim kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi.
Seminar davomida suvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati