Har qatra suvni tejash, suv resurslaridan samarali foydalanish va iqtisod qilish talabi qo‘yilayotgan bugungi kunda iste’molchilarga yetkazib beriladigan obihayotning aniq hisob-kitobini yuritishda zamonaviy suv o‘lchash asboblarining ahamiyati katta. Shu bois sug‘orish tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda suv hajmi va sarfini onlayn tarzda hisobini olib boradigan «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu borada Angor tumani «Suv yetkazib berish» davlat muassasasi jamoasi ham sezilarli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, 2021–2023 yillar orasida tuman irrigatorlarining sa’y-harakati bilan sug‘orish tarmoqlarining 23 tasiga «Aqlli suv» qurilmalari qo‘yilgan. Amu-Surxon ITHB tomonidan tumanda o‘tkazilgan seminarda sug‘orish tarmoqlariga o‘rnatilgan qurilmalarning ishchi holati o‘rganilib, zamonaviy suv o‘lchash asboblarining barchasi suv xo‘jaligi serveriga integratsiya qilingani aniqlandi. Qurilmalarning 12 tasidan ma’lumotlar borib turibdi, lekin 15 tasida ma’lumotlar uzatilishida tez-tez uzilishlar bo‘layotgani oydinlashdi.
Seminarda ta’kidlanganidek, pudratchilar tomonidan ishlar sifatsiz qilingan yoki irrigatorlar ish sifatini nazorat qilishmagan. Tuman «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi rahbari, hisobchisi hamda raqamli texnologiyalarni joriy qilishga mas’ul qilib qo‘yilgan mutaxassis zimmalariga qurilmalarning sim karta to‘lovlarini amalga oshirish, qurilmalarni o‘rnatgan pudratchi tashkilot vakillarini topib, barcha qurilmalarni to‘liq ishlatish hamda ma’lumotlarni suv xo‘jaligi serveriga uzatilishini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.
Seminardagi muhokama jarayonida tuman irrigatorlari joriy yilda sug‘orish tarmoqlarining 7 tasiga «Aqlli suv» qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgani hamda ularni o‘rnatish uchun talab etiladigan 77 million so‘mni rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirish va tuman moliya bo‘limidan mablag‘ undirish hisobiga topish topshirig‘i berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati