Qorako‘l tumanidagi “Qorako‘l Kumush kalava” MChJ ekin maydonlarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, obihayotning behuda yo‘qotilishining oldini olish hamda zamonaviy suv tejovchi va suv o‘lchash vositalaridan foydalanish, iste’molchilar o‘rtasida suv resurslari taqsimotini adolatli tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi. Jumladan, mazkur qarorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun 1 kub metr suv 100 so‘m, iste’mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmaganligi uchun suv solig‘i bazasi tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi belgilanganligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari yangidan tashkil etilgan davlat muassasalari rahbarlariga qarorning mohiyati yuzasidan suv is’temolchilari o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borish, suv tejovchi texnologiyalar joriy qiladigan iste’molchilarga suvkredit.uz platformasi orqali arizalar topshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati