Muzrabot tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Indenim» klasterining «Qo‘ng‘irot-Jayxun» hududidagi g‘allazorda fermer xo‘jaliklari rahbaru a’zolari, suvchilar, kanal boshliqlari, miroblar, gidrometr xizmati mutaxassislari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga mas’ul mutaxassislar, tuman «Suv yetkazib berish xizmati» mutaxassislari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda suv resurslaridan foydalanish, gidrometriya xizmati, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Gidrometrlarga tuman hududidagi 110 ta gidropostlarni ta’mirlash, oqlash, buyoqlash va atrofini obodonlashtirish, suv o‘lchash rekalarini tartibga keltirish topshirig‘i berildi.
Tadbirda tuman fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alla maydonlariga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar tahlil qilindi. Joriy mavsum tuman g‘allazorlarining 1900 gektari yomg‘irlatib sug‘orish usulida sug‘orilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungacha talabgorlarning ariza va boshqa hujjatlari shakllantirilib, kredit ajratish yuzasidan hujjatlar tijorat banklariga taqdim qilingan. «Indenim» klaster tashkiloti tomonidan 200 gektar g‘allazorda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun 5 milliard so‘m moliyalashtirilgan hamda «Drip servis Agro» MChJ mutaxassislari tomonidan qurilish ishlari boshlangan. Tadbir davomida boshqa fermer xo‘jaliklari ham kredit masalasini ijobiy hal qilib, suv tejovchi texnologiyani o‘rnatishni tezroq boshlash tavsiya qilindi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati