Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni, hazrat Mir Alisher Navoiy suvchilarning diliga yaqin, miroblarni qo‘llab-quvvatlagan ulug‘ ijodkor.
O‘z asarlarida suvga yuksak e’tibor qaratgan, shu bilan birga vazir bo‘lgan davrlarida Hirotda obodonchilik ishlarini avj oldirib, o‘zi bosh bo‘lib suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirgan, yangi kanallar qazdirgan.
Misol uchun, 1480–1500 yillar mobaynida o‘z mablag‘lari hisobidan madrasa, rabot, masjid, xonaqoh, hammom, ko‘priklar bilan birga 20 ta hovuz ham qurdirgan. Bu bilan o‘sha davr odamlarining suv ta’minotini yaxshilashga hissa qo‘shgan.
Ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy hazratlari bir she’rlarida shunday deganlar:
Na’fing agar xalqqa beshakdirur,
Bilki bu na’f o‘zingga ko‘prakdirur.
Navoiy “Xamsa”sining “Farhod va Shirin” dostonida shunday satrlar bor:
Ariqqa qo‘ydilar “Nahr ul-hayot” ism,
Falakvash havzg‘a “Bahr un-najot” ism.
Shoir bu bilan Farhod ming mashaqqatlar ila suv keltirgan ariq va hovuz el-yurtga hayot va najot bag‘ishlaganini e’tirof etgan.
Shiringa bo‘lgan sevgisi yo‘lida tog‘ni talqon qilib, suv keltirgan Farhod timsoli tajribali, fidoyi suvchilarimiz tomonidan yaratilgan hamda bugungi kunda suv xo‘jaligi inshootlari va tashkilotlar binosiga ko‘rk berib turibdi.
Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasiga qarashli “Ravotxo‘ja” gidrouzelidagi hamda Amu-Qashqadaryo ITHB binosi oldidagi haykallar bunga misoldir.
Shuhrat Suyunov,
Axborot xizmati boshlig‘i