Surxondaryo viloyatida fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlari dalalarini suv bilan ta’minlaydigan ichki ariq, shoxariq, kichik kanal va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari qizg‘in pallada. O‘tgan yilning dekabr oyidan boshlangan bu tadbir to sug‘orish mavsumigacha davom ettiriladi hamda shu vaqt orasida 1100 kilometr uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilgan.
Amu-Surxon ITHB Qurilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Fayzullaevning ta’kidlashicha, ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish keyinchalik, ya’ni kuz oylarida ham davom ettiriladi. Chunki tajribadan shu narsa ayonki, tuproq o‘zanli ichki ariqlar har yili loyqayu chiqindilarga to‘lib qolmoqda, qishloq aholisi va fermer xo‘jaliklari a’zolarini ommaviy ravishda safarbar etish hisobiga qayta-qayta qazish va tozalashga to‘g‘ri kelmoqda. Boz ustiga ichki ariqlar betonlashtirilmagani tufayli oqayotgan obihayotning bir qismi yer ostiga singib ketishi va quyosh taftida bug‘lanishi oqibatida yo‘qotilmoqda.
Joriy yilning 5 fevral holatida viloyatdagi hamma tumanlar hududidagi ichki sug‘orish tarmoqlarining 623 kilometr qismi betonlashtirildi. Shuning 308,8 kilometri sekundiga 01–05 metr kub, 252,9 kilometri sekundiga 05–1,0 metr kub, 61,7 kilometri sekundiga 1,0–2,0 kub metr suv o‘tkazish qobiliyatiga ega ichki sug‘orish tarmoqlaridir.
E’tirof etish kerakki, ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlari mablag‘lari hamda ishchilarini safarbar qilish hisobiga bajarilayotir. Albatta, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlarini betonlashtirishga jalb qilish va mablag‘ ajratishga ko‘ndirish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Tumanlar hokimlari, hokimlarning qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi rahbaru mutaxassislarining fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlari rahbarlari bilan yig‘ilishlar o‘tkazib, ichki sug‘orish tarmoqlaridan ekin maydonlariga obihayot borishi, tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun obihayotning bir qismi yo‘qotilayotgani va aynan shu sabab betonlashtirish shartligi tushuntirilgani natijasida suv iste’molchilari masala mohiyatini to‘g‘ri tushunib, sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga kirishganlar.
– Mutaxassislarimiz betonlashtirish zarur bo‘lgan kanal, shoxariq va ariqlarni ligini o‘rganib chiqqach, viloyat rahbariiyati mahalliy byudjetdan ming tonna sement ajratishga amaliy ko‘mak berishdi, – deydi Amu-Surxon ITHB boshlig‘ining o‘rinbosari To‘lqin Mahmudov. – Sement va boshqa zarur ashyolar talabnomalar asosida yetkazib berildi. Hozirda joylarda betonlashtirish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bu esa suvdan samarali foydalanish, tejash hamda yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati