Amu-Surxon ITHB huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyada suv xo‘jaligi tizim tashkilotlarini malakali oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash, yuridik xizmat faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan hujjatlar bilan ishlash va ijro intizomi mavzusida seminar tashkil qilindi.
Ta’kidlanganidek, meliorativ ekspeditsiya va uning tumanlardagi meliorativ uchastkalarida oxirgi ikki yil orasida 5 nafar oliy ma’lumotli meliorator kadrlar ishga qabul qilingan. Ularga ustozlar ish o‘rgatmoqda. Biroq oylik maoshlari kamligi uchun ba’zida boshqa sohalarga o‘tib ketishni istayotganlari ham yo‘q emas. Meliorativ uchastka rahbarlariga yosh kadrlarni sohada muqim ishlab qolishlari uchun amaliy ko‘mak berish, zovurlar atrofidagi bo‘sh yerlardan ajratib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, shu yo‘l bilan qo‘shimcha daromad olishlariga yordamlashish topshirig‘i berildi.
Seminarda meliorativ uchastkalarga fuqarolar hamda yuridik shaxslardan kelib tushayotgan ariza hamda murojaatlarga kechikib chora ko‘rilayotgani ta’kidlanib, har bir murojaat ortida inson taqdiri va manfaati turgani eslatilib, tegishli mutaxassislarga ariza va murojaatlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash vazifasi yuklatildi. Meliorativ ekspeditsiya va tumanlardagi meliorativ uchastkalarga turli tashkilotlardan kelayotgan hujjatlarni yagona himoyalangan «edo.ijro.uz.» tizimida aylanishini tashkil qilishda barcha zaruriy sharoitlarni yaratish, hujjatlar bilan ishlashda beparvo bo‘lmaslik hamda ijro intizomiga qat’iy amal qilish tavsiya qilindi.
Seminarda yuridik xizmat faoliyatini samarali tashkil qilish, tuzilayotgan shartnomalarning qonuniyligini ta’minlashga alohida ahamiyat berish topshirig‘i berildi. Meliorativ ekspeditsiya va uning tumanlardagi uchastkalari balansida bo‘lgan zovurlarning himoya zonalaridagi yerlar hamda bino, inshootlarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarga qat’iy amal qilish, bu borada tashkilotning huquqshunosi bilan maslahatlashgan holda kadastr tashkilotlariga murojaat qilish seminarning asosiy mavzusiga aylandi. Soha xodimlari tomonidan ikki va undan ortiq sub’ektlarga xizmat qilayotgan zovurlarni xatlovdan o‘tkazish, yer maydonlariga tegishli hujjatlarni kadastr tashkilotlariga taqdim etayotganda hujjatlarning qonuniyligiga erishish uchun yuridik xizmat faoliyatidan unumli foydalanish topshirig‘i berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati