Uzun tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi hamda mazmun-mohiyati, suv hisobi, suv tejovchi texnologiyalar afzalliklari, gidrometriya xizmatini samarali tashkil etish mavzusida seminar tashkil qilindi.
Seminar ishtirokchilariga mavjud gidropostlarni mavsumga shaylash, suv hisobini yuritishda gidrometriya xizmatini tashkil etish, iste’molchilarga suv yetkazib berish tartiblari haqida batafsil tushuncha berildi.
Seminarning davomi “Iskandar Turdaliуev” fermer xo‘jaligi dalasiga ko‘chdi. Ushbu jamoa a’zolari, pudratchi korxona – «Omad start» MChJ mutaxassislari va irrigatorlarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishda onlayn shaklda kredit olish imkonini beruvchi «suvkredit.uz» platformasiga ariza topshirish tartiblari yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungacha tumanda dalasiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni istagan 15 ta talabgor fermer xo‘jaliklaridan ariza tushgan va ulardan 12 tasining 245 gektar maydoniga tejamkor texnologiyalarni o‘rnatish uchun hujjatlari kredit ajratish yuzasidan banklarga taqdim qilingan, 2 ta fermer xo‘jaligi dalasi uchun 596 ming so‘m moliyalashtirilgan.
Fermer xo‘jaliklari a’zolariga bankdan olingan kreditning ma’lum bir qismi subsidiya tarzida shu yilning oxirigacha qoplab berilishi tushuntirildi. Mutaxassislar va iste’molchilar hamkorligida «suvkredit.uz» platformasiga arizalar topshirishni jadallashtirish va kreditni barvaqt olib, suv tejovchi texnologiyalarni kengroq maydonlarda joriy etishga erishish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati