Yana sanoqli kunlardan keyin yurtimizga bahor fasli kirib keladi. Bu fasl agrar sohada mehnat mavsumining boshlanishidan darak beradi. Ekin ishlarini boshlagan dehqonga esa suv tabiiy zarurat hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu davrda suv tizimi xodimlarining ham yumushlari ortadi.
Mavjud ekin yerlari nasoslar yordamida yetkazib beriladigan suv bilan sug‘oriladigan Buxoro viloyatida ham yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Bu jarayonda esa nasos stansiyalarining tayyorgarligi muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan mavjud nasos stansiyalarini navbatma-navbat ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ta’mirlash va tiklash ishlarining borishi esa boshqarmaning malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan nazoratga olingan.
Ishchi guruh a’zolari Qorako‘l tumanidagi “Yangiobod” nasos stansiyasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish chog‘ida nasos stansiya muxandis va texnik xodimlari ishtirokida bajarilgan ishlar, aniqlangan kamchiliklar muhokama etildi. Jumladan, inshoot kuchida tejamkorlik asosida foydalanish, amaldagi texnik talablarga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, o‘rganish davomida nasos stansiyasi hududiga mevali va manzarali ko‘chat ekish ishlari ham amalga oshirildi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati