Mavjud suv resurslarida o‘ta tejamkorlik asosida foydalanish, uni iste’molchilar o‘rtasida adolatli taqsimlash, amaliyotga bu boradagi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suv sarfini nazorat qilishni takomillashtirish, “Suv – tekin emas” degan iborani suvdan foydalanuvchilar ongiga singdirish kabi masalalar bugun suv ho‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan ko‘p sonli ishchi va mutaxassislarning eng dolzarb vazifasi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni tizimi takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-fevraldagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa bu jarayonlarni muvofiqlashtirishda asosiy dasturilamal vazifasini o‘taydi. Mazkur hujjatlarning mazmun mohiyatini esa suv tizimi sohasida keng targ‘ib etish zarurat hisoblanadi.
Shu maqsadda Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan o‘quv amaliy seminar tashkil etildi. Seminarda tumanlar “Suv yetkazib berish xizmati” davlat mussasalari boshliqlari, bosh gidrometrlar, suv tejaydigan texnologiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassislar, bosh hisobchi hamda kadrlar bo‘yicha mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
– Amaliy seminarda bundan keyingi faoliyatimizga oid bir qator ko‘nikmalarga ega bo‘ldik, – deydi Qorako‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati davlat mussasasi boshlig‘i Hamroqul Ravshanov. – Shuningdek, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati