Bu yil suv xo‘jaligi uchun dolzarb davr!
Kanallarni betonlashtirish ishlari jadal ketmoqda. Sug‘orish mavsumigacha ulgurish uchun ayrim joylarda quruvchilar 2-3 smenada mehnat qilishayapti.
Nasos-stansiyalar 7/24 rejimida ishlab turibdi. Kanallardan suv – hayot manbai to‘xtovsiz oqayapti.
Suv xo‘jaligidagilar – rahbardan tortib eng quyi bo‘g‘indagi xodimgacha ulkan va zalvorli mas’uliyatni yurakdan his etishgan.
Yil yaxshi keldi, qor, yomg‘irlar bilan osmondan baraka yog‘ilayapti. Mart oyi ham seryog‘in kelishi kutilayapti.
26-fevral kuni vazirlik markaziy apparatida yig‘ilish o‘tkazilib, ushbu haftadagi muhim vazifalar muhokama qilib olindi.
Yig‘ilishni boshqargan Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev quyi bo‘g‘in – sohaning poydevori ekanligini ta’kidlab, tuman “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Prezidentimizning joriy yil 5 yanvardagi PQ-5-sonli qarori bilan quyi bo‘g‘indagi xodimlar ish haqi 2 barobardan ko‘proqqa oshgani, kelgusida hududlardagi boshqa suv xo‘jaligi tashkilotlari ishchilarining daromadini ko‘paytirish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.
Hozirgi vaziyatda eng maqbul yechim – yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish. Har bir tashkilot qoshida yordamchi xo‘jalik tashkil etish va uni kompleks rivojlantirish soha oldidagi bu yilgi eng muhim vazifalardan biri etib belgilandi. Shu maqsadda kunlar isishi bilan gidrotexnik inshootlar atrofidagi, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari bo‘yidagi yer uchastkalariga ekin ekishni tezroq boshlash kerakligi aytib o‘tildi.
Yosh xodimlar uchun qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida kreditlar olishda ko‘maklashish, gidro uchastkalarda tarqoq holda qoramol, qo‘y, echki, parrandalarni boqishdan tashqari, markazlashgan fermalar tashkil etish masalasi ham e’tiborda bo‘ladi.
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari T.Butunboevga tegishli boshqarma va bo‘limlar bilan birga suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Tarmoq ilmiy-texnik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, DXSh loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Vazir o‘rinbosari H.Quvondiqovga iqtisodiyot, AKT, chet el investitsiyasi, rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ jalb etish, xodimlar ish haqini oshirish masalalarini chuqur o‘rganib, takliflar kiritish yuklatildi.
Yig‘ilishda fevral oyida “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratda bo‘lgan vazifalar va mart oyida bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlarning ijrosini belgilangan muddatlarda, to‘laqonli va sifatli ta’minlash yuzasidan barcha darajadagi rahbar-xodimlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Suvdan foydalanish madaniyatini targ‘ib qilish, iste’molchilarga obi hayotni asrash zarurligini tushuntirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Bahor – go‘zallik, bayramlar fasli. Kunlar isishi bilan “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha ko‘chat ekish tadbirlarini yakunlash, Navro‘z umummilliy bayramiga keng tayyorgarlik ko‘rish, har bir nasos stansiyasi, gidrotexnik inshoot atrofini saranjom-sarishta qilib, obodonlashtirish, suv xo‘jaligiga daxldor barcha maskanlarni fayzli go‘shaga aylantirish uchun hamma hissa qo‘shishiga kelishib olindi.
Axborot xizmati