«Qorako‘l» nasos stansiyasi yordamida Qorako‘l tumanning 29 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan ekin maydonlariga suv yetkazib beriladi. Suv inshootida 27 kishi mehnat qiladi.
E’tiborli jihati, bu yerda yordamchi xo‘jalik faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Nasos stansiya hududidagi 2 gektardan iborat maydonning 3 sotix qismida issiqxona, 25 sotixida hovuz tashkil etilgan. Shuningdek, bu yerda 60 bosh quyon, 30 bosh tovuq va 50 bosh ko‘rka boqish uchun ham yetarli sharoit yaratilgan. Bundan tashqari mehnat jamoasi a’zolari sabzavot mahsulotlari yetishtirish borasida ham katta tajriba to‘plashgan.
Nasos stansiyasi boshlig‘i F.Ro‘zievning ta’kidlashicha, joriy yilda yordamchi xo‘jalik faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunda baliq yetishtirishga moslashtirilgan hovuzni kengaytirish, nasos stansiyasi suv tashalab beradigan kanal bo‘ylarida parvarishlanayotgan 50 bosh echkilar sonini ko‘paytirish ishlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu kabi amaliy ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, ishchi-xodimlarning qo‘shimcha daromadini oshirish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish va mehnat sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati