Har yili irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini, shuningdek, nasos stansiyalarini ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish jarayonida har xil metallar va ehtiyot qismlardan foydalaniladi. Agar bu jihozlarning barchasi jamlansa, tonna-tonna yuk bo‘ladi. Tabiiyki, irrigator va melioratorlar hamda nasos stansiyalari mutaxassislari ishlatadigan barcha jihozlar, metallar, ehtiyot qismlar temir, cho‘yan, po‘lat singari tabiiy boyliklarimizdan tayyorlanadi. Yer ostidagi ruda konlaridan qazib olinadigan xomashyolardan metallurgiya kombinatlarida irrigator va melioratorlar foydalanadigan turli metall buyumlar tayyorlanadi. Yer ostidagi boyliklarimiz ham bitmas-tuganmas emas. «Eb yotganga tog‘ ham chidamaydi», deganlaridek, hadeb yer osti boyliklarini qazib olaversak, yaroqsiz holga kelgan texnikalar, ehtiyot qismlar va boshqa metall parchalarini bir burchakka itqitib yuboraversak, bu ahvolda temir buyumlariga zoriqamiz, yoki shu buyumlarni ham xalqimizning rizqi va daromadini sarflab qo‘shni davlatlardan keltirishga majbur bo‘lamiz. Shuning uchun yaroqsiz, ishdan chiqqan ehtiyot qismlar, qisqasi, qora va rangli metall parchalarini yig‘ib, metallurgiya kombinatlariga topshirsak, qayta ishlash jarayonida yana qurilish tashkilotlari, irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari, nasos stansiyalariga zarur quvur, yoki ehtiyot qism tayyorlanadi.
O‘z vaqtida yangi bo‘lgan, ishlatilaverib eskirgan yoki yaroqsiz holga kelgan metall parchalarini yig‘ib topshirishdek sharafli ishga Amu-Surxon ITHB tizim tashkilotlari har yili o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Amaldagi yilda tizim tashkilotlari ishchi-xizmatchilari zimmasiga 292 tonna qora hamda 1,8 tonna rangli metall parchalarini yig‘ib topshirish majburiyati yuklatilgan. Masala mohiyatini to‘g‘ri anglab yetgan va topshiriqni muhokama qilmay bajarish shart va zarurligini yaxshi biladigan tizim tashkilotlari jamoalari joriy yilning o‘tgan vaqti orasida choraklik rejani ado etishdim, belgilangan 75 tonna o‘rniga 82 tonna qora metall parchalari yig‘ib topshirildi.
E’tiborga molik jihat shuki, tizimdagi ayrim tashkilotlar jamoasi allaqachon yillik rejani ham bajarishdi. Masalan, «Amu-Zang» irrigatsiya tizim boshqarmasi jamoasi 12 tonna qora va 60 kilogramm rangli metall parchalarini yig‘ib topshirib, bu boradagi yillik rejani ham uddaladi. Shuningdek, Surxondaryo suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi. mutaxassislari ham 13,1 tonna qora va 60 kilogramm rangli metall parchalarini topshirib, yillik rejani muddatidan ilgari ado etishdi. Ushbu yutuqlari uchun shartnomaga ko‘ra, «Amu-Zang» ITB rahbari Turg‘un Qulmirzaev va metall parchalarini yig‘ib topshirishga mas’ul xodim Poyon Tilovov, Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Alimov va shu ish bilan doimiy shug‘ullangan mutaxassis Bahodir Allamurodovlarga tashkilotlarining rivojlantirish jamg‘armalariga yig‘ilgan mablag‘ hisobidan ish haqlarining bir oyligi baravari miqdorida mukofot puli berildi.
Tizim tashkilotlarining qolganlari ham metall parchalarini yig‘ib, topshirishmoqda. Yaqin kunlarda «Suxon-Sherobod» hamda «To‘palang-Qoratog‘» irrigatsiya tizim boshqarmalari muhandis-texnik xodimlari ham qora va rangli metall parchalarini topshirish yillik rejasini bajarish choralarini ko‘rishmoqda.
Lekin qora va rangli metall parchalarini yig‘ib topshirishda hamma irrigator va melioratorlar ham fidoyilik bilan yondoshayapti, deb bo‘lmaydi. Ayniqsa tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» DM mutaxassislariyu rahbarlari bu masalada hafsalasizlik qilmoqda. Yilning deyarli uch oyi ortda qoldi hisob, biroq shu vaqt orasida «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Qumqo‘rg‘on, Denov, Bandixon tumanlari «Suv yetkazib berish xizmati» DM jamoalari bir kilogramm ham metall parchalarini yig‘ib topshirmaganligini qanday baholash mumkin? Tizimdagi texnikasi va nasos agregatlari va boshqa asbob-jihozlari eng ko‘p korxona bu-nasos stansiyalari va energetika boshqarmasidir. Boshqarma tasarrufidagi nasos stansiyalarini har mavsumga shaylash uchun tonna-tonna metall buyumlar ishlatiladi. Ammo nasoschilar qora va rangli metall parchalarini yig‘ib, topshirishda oqsashayapti. O‘tgan vaqt mobaynida nasoschilar bir kilogramm ham metall topshirmaganini sira oqlab bo‘lmaydi. Ushbu jamoalar rahbaru mutaxassislaridan qora va rangli metall parchalarini topshirishda o‘zgarish sezilmayotganini Amu-Surxon ITHB mas’ul mutaxassislari talab qilishsa, «bizda temir yo‘q, qaerdan olaylik…» deganga o‘xshash har xil vaj va bahonalarni ro‘kach qilishmoqda. Holbuki, rejani ortig‘i bilan bajarib qo‘ygan tizim tashkilotlari omborida tonna-tonna qora metall parchalari uyilib yotgani yo‘q, lekin ular rejani bajarish shartligini hisobga olib, bu vazifaga jiddiy kirishishmoqda va rejani uddalash choralarini qidirishmoqda. Qisqasi, bahona bilan ish bitmaydi, rejada belgilangan qora va rangli metall parchalarini yig‘ib topshirish shart.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati