Qumqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan «To‘g‘riguzar» nasos stansiyasidagi mavjud 7 ta agregat yordamida Surxondaryo daryosidan suv tortilib, fermer xo‘jaliklarining qariyb ming gektar ekin maydonlari hamda aholi tomorqalari obihayot bilan ta’minlanadi. Joriy yilda ushbu nasos stansiyasini «Termiz Jayxun klaster» MChJ boshqaruviga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan mazkur obуektda seminar o‘tkazilib, davlat-xususiy sheriklik shartlari, xususan, loyihani tayyorlash, xususiy sherik tomonidan kiritiladigan sarmoyalar nasos stansiyasi faoliyatini yaxshilashga qay darajada xizmat qilishi haqida atroflicha axborot berildi.
Seminar jarayonida obуektda olib borilgan ishlar ham nazoratdan o‘tkazildi. Stansiyada rejalashtirilgan barcha nasos agregatlari hamda elektr dvigatellar sifatli sozlanib, sug‘orish mavsumiga to‘liq tayyorlangani e’tirof etildi. Jamoa a’zolariga limit bo‘yicha ajratiladigan elektr energiyasidan tejab foydalanish va iqtisod qilish tavsiya qilindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati