Bugun Xitoyning “CITIC Construction Co., Ltd” kompaniyasi prezidenti Yan szyansyan boshchiligidagi delegatsiya Suv xo‘jaligi vazirligiga tashrif buyurdi.
Aytish joizki, joriy yil 24-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoуev Pekin shahrida CITIC korporatsiyasi rahbari Si Goxua bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Xitoy mulkni boshqarish bo‘yicha xalqaro investitsiya korporatsiyasi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi hamda yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshiruvchi yetakchi kompaniyadir. Uning aktivlari qariyb 1,5 trillion dollarni tashkil etadi.
Uchrashuvda qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, mamlakatimiz irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga ham e’tibor qaratilgan edi.
Davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Xitoyning “CITIC Construction Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
“CITIC Construction Co., Ltd” kompaniyasi CITIC davlat korporatsiyasining xolding kompaniyasi hisoblanadi. Injiniring bo‘yicha kompleks xizmatlarning yirik provayderi sifatida xalqaro injiniring bozorining eng faol ishtirokchilaridan biri. Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib, ulkan tajriba to‘plagan.
Muloqot chog‘ida Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraуev nufuzli delegatsiyaning vazirlikka tashrifidan mamnun ekanligini ta’kidladi. Kelgusida ushbu kompaniya bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilishiga umid bildirdi.
O‘z navbatida “CITIC Construction Co., Ltd” kompaniyasi prezidenti Yan Szyansyan samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishdan, bu jarayonda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini e’tirof etdi.
Muzokara yakunida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Xitoyning “CITIC Construction Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda kanallarni betonlashtirish, suv omborlarini qurish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
– Ushbu kelishuv nafaqat uzoq muddatli hamkorligimizga, boqiy do‘stligimizga ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Yan Szyansyan.
Muzokara yakunida mehmonlar vazirlik delegatsiyasini kompaniyaning faoliyati, xususan, suvni tejash bo‘yicha qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish uchun Xitoyga taklif qildi.
Axborot xizmati