Suv – ulug‘ ne’mat.
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 18-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun sharoitlar yaratish masalasi muhokama qilindi.
Tabiiyki, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv kerak. Shu ma’noda, suvni asrash, undan samarali foydalanish, suv inshootlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalari sanaladi.
Bu borada Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obуektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilayapti.
2024-yilning I choragida erishilgan natijalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarining texnik holatini baholash bo‘yicha inspektorlik tekshiruv ishlari o‘tkazilib, foydalanuvchi tashkilotlarga 604 ta kamchiliklardan iborat 121 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi va ularning bajarilishi nazoratga olindi.
5 ta o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarida (1 ta suv ombori, 2 ta nasos stansiyasi, 1 ta gidrouzel, 1 ta kollektorida) maxsus diagnostika ishlari amalga oshirildi.
10 ta o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarining (3 ta suv ombori, 1 ta kanal, 3 ta gidrouzel, 1 ta GES va 2 ta kollektor) xavfsizlik deklaratsiyalari Ekspert kengashida ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar hududiy boshqarmalari xodimlaridan iborat idoralararo ishchi guruh komissiyasi tashkil etildi.
Respublika hududidagi jami 58 ta suv omborlari, sel suv omborlari va boshqa yirik gidrotexnika inshootlarini bahor-yoz oylaridagi yog‘ingarchilik mavsumlarida suv toshqinini talofatsiz o‘tkazib yuborishga tayyorgarlik holatini o‘rganish ishlari olib borildi.
Shu bilan birga, Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joylarda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 5764 ta kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, 2169 ta suvni boshqarish va o‘lchash vositalari bilan jihozlamasdan suv olish, 277 ta holatda noqonuniy joylardan suv olish, 100 ta holatda ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, 111 ta holatda suvni kollektorlarga tashlab qo‘yish, 650 ta holatda ruxsatsiz, shartnomasiz suv olish, 228 ta holatda dalaga me’yoridan ortiqcha suv olish, 2173 ta holatda suv resurslari hisobini yuritmaslik yoki xatoliklar bilan yuritish, 56 ta holatda suvni boshqarish va o‘lchash vositalarini shikastlantirish kabi qoidabuzarliklar aniqlanib, bartaraf etildi hamda javobgarlarga nisbatan bajarilishi majburiy bo‘lgan 241 ta yozma ko‘rsatma kiritildi. Shuningdek, 878 mln. 468 ming so‘m jarima sanksiyalar qo‘llanilib, to‘liq undirilishi ta’minlandi.
Suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish hamda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar berish maqsadida 346 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 63 mln. m3 suv isrofining oldi olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi hamda “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash bo‘yicha seminarlar tashkil etib borilmoqda.
Rustam Rahimov,
Suv xo‘jaligi obуektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i