Zarbdor tumanida suv tejovchi texnologiyalar joriy etish mavzuiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirga fermerlar, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari vakillari taklif etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yumushlar haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, Zarbdor tumanida o‘tgan uch-to‘rt yil ichida jami 6 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bo‘lsa, bu yilning o‘zida bu ko‘rsatkichni 7 ming 400 gektarga yetkazish ko‘zda tutilgani ta’kidlab o‘tildi.
Anjumanda reja salmoqli ekanligi, shuning uchun ham, barcha ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinishi zarurligi uqtirildi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati