Bugungi kunda korrupsiya jahon miqiyosida dolzarb muammolardan biri sifatida tan olingan bo‘lib, ushbu illat har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy putur yetkazishi bilan xavflidir.
Korrupsionerning yagona maqsadi davlat qonunlarini aylanib o‘tib, katta miqdorda moddiy boylikka ega bo‘lish. Korrupsiya – jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir, desak aslo xato qilmaymiz.
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qat’iy kurash olib borilmoqda.
Xususan, inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun barcha turdagi aloqa kanallarining («Ishonch telefoni», elektron pochta manzillari, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa sahifalar) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish, «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplaens nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati», «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari» kabi mavzular bo‘yicha xodimlarning huquqiy bilimlari oshirildi, tizim bo‘yicha 50 dan ortiq targ‘ibot va profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga, xodim o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda korrupsiyaviy hatti-harakatlarda qatnashmaslik, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik kabi qator majburiyatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar ro‘yxati, korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan xodimlar faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 yilga mo‘ljallangan dastur tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlari takomillashtirilayotgani, bu jarayonga jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ichki va idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, albatta, o‘z samarasini beradi. Biroq, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu yo‘nalishdagi mavjud muammolarning ildizini quritib bo‘lmaydi.
N.Tashbayev,
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat
bo‘yicha mas’ul xodimi