Bugun Suv xo‘jaligi vazirligida Buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligiga bag‘ishlab tantanali tadbir o‘tkazildi.
Uni vazir o‘rinbosari Dilshodjon Xodjiaxmedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Sohibqiron Amir Temur dehqonchilik va irrigatsiya ishlariga katta ahamiyat bergan.
XV asr oxirida Movarounnahr va Xurosondagi katta va kichik daryolarda yirik irrigatsiya inshootlari, korizlar, suv omborlari va havzalari qurildi. Natijada bir nechta viloyat, shahar va qishloqlarda suv ta’minoti yaxshilandi. Qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi esa sug‘orma dehqonchilik maydonlarini kengaytirdi, yangi qishloqlar, dehqon qo‘rg‘onlari vujudga keldi.
Amir Temur hukmdorligi vaqtida, shuningdek, Murg‘ob vodiysida, Kobul yaqinidagi Badon, Juyinov qishloqlari orqali kanallar qazilib suv olib kelingan. Muarrix Hofizi Abru o‘z asarida Dilkusho, Ganchravon, Ganchxona, Umar Tibon, Shayx Ali Sa’d, Shayx Ali Qutlug‘ Xonul kabi 20 dan ortiq kanallarning nomini keltiradi. Ma’lumki, Amir Temur Kavkazga qilgan harbiy yurishlari paytida Gruziya va Ozorbayjonni fath etib, qishni Qorabog‘da o‘tkazadi. 1399 yilda Hindiston yurishidan qaytishida yana Qorabog‘ga keladi.
«Temurning Qorabog‘da olib borgan obodonlashtirish ishlari orasida, - deb yozadi ozarbayjonlik tarixchi olim Z.Piriev, - Baylakonda qurilgan sug‘orish kanali muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarovsiz, foydalanilmay qolgan kanalni ko‘rgan Temur uni tozalashni buyuradi. 60-70 kilometr uzunlikdagi bu kanal bir oy ichida qayta tiklanib, dala va ekinzorlarga suv bera boshladi. Kanal Temur ko‘rsatmasi bilan «Nahri Barlos» deb ataldi».
Vazir o‘rinbosari D. Xodjiaxmedov Amir Temurning kanallar qazdirib, suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlari o‘z samarasini berib, ekin maydonlarini kengaytirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish imkoniyatini berganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi dotsenti Davron Razakov “Amir Temur – vatanparvarlik timsoli” mavzusida chiqish qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid Amir Temur siymosi, sohibqironning dunyo tarixida tutgan o‘rni, Vatan, millat obro‘sini ko‘tarishdagi mavqei haqida so‘z yuritdi.
“Sohibqiron avlodimiz” she’rini o‘qib berdi.
Tadbir yakunida D.Xodjiaxmedov yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan vazirlik rahbariyati nomidan tabrikladi.
Axborot xizmati