Suv xo‘jaligi vazirligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili F.Karimi xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari T.Butunbayev mehmonlarni tashrifi bilan qutladi. Ularga mamlakatimiz suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalar hamda davlat-xususiy sheriklik tamoyilini keng joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan hujjatlar bazasi takomillashtirilmoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili F.Karimi xonim O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy qilish kabi qator masalalarga qaratilgan hamkorlikni o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Tomonlar suv xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish borasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Axborot xizmati