Jizzax viloyati suv xo‘jaligi tasarrufidagi tashkilotlarda yana bir xayrli ish – kanal va zovurlar, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa gidroinshootlar hududlari hamda atrofiga terak qalamchalari ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Voha suvchilar umumiy hisobda 7 million 700 ming tup qalamcha tayyorlab, avvaldan belgilab olingan yerlarga ekishni rejalashtirishgan.
E’tiborli tomoni, mazkur qalamchalar qadalgan hududlar tashkilotlarning 560 nafar mutaxassis-xodimlariga shartnoma asosida ajratib beriladi. Ular nihollar parvarishiga mas’ul bo‘lish bilan birga, qator oralarida dehqonchilik qilib, shaxsiy daromadlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Terak qalamchalari tayyorlab, ekish borasida Janubiy Mirzacho‘l magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi, “Tuyatortar-Qli” ITB, Sh.Rashidov tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi kabi tashkilotlar boshqalarga namuna bo‘lyapti. Ushbu mehnat jamoalari allaqachon zimmalaridagi topshiriqni uddalab bo‘lishdi.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB matbuot xizmati