Suv tanqisligi tobora ko‘proq sezilib borayotgan bugungi kunda suv resurslaridan tejamkorlik asosida oqilona foydalanish, mavjud qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish muhim masala sanaladi. Bu borada Buxoro tumanida ham e’tirofga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirgi kunda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashabbusi bilan fermer ho‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan zovur suvlari bilan oqar suvni aralashtirib g‘alla ekinlarini sug‘orish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda suvining tarkibi foydalanishga yaroqli bo‘lgan kollektor va zovur qirg‘oqlariga 22 dona nasos agergatlari o‘rnatilgan.
– Ayni kunda zaruratga qarab mazkur nasos agergatlari kuchidan samarali foydalanayapmiz, – deydi tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Rashid Sariуev. – Hisob-kitoblarga ko‘ra, nasos agergatlari yetkazib bergan suv bilan qo‘shimcha ravishda bir kunda 150–160 gektar maydondagi g‘alla ekinlarini sug‘orish mumkin.
Tumanda vegetatsiya mavsumigacha yana xuddi shu turdagi nasos agergatlarini zovur bo‘ylarga o‘rnatish va suv taqchilligini yumshatish maqsadida bir qator chora-tadbirlar ham belgilangan.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati