Bahodir aka kechasi bilan mijja qoqmay chiqdi. Bomdodga yaqin biroz uxlagandek bo‘ldi-yu, yana uyg‘onib ketdi, uning nimadandir ko‘ngli g‘ash. Bolalarni cho‘chitib yubormaslik uchun asta-sekinlik bilan eshikni ochib tashqariga chiqdi.
Tong yorishyapti. Parkent tog‘lari ortidan quyosh shu’lasi ko‘rinadi. Bir parcha qora bulut shafaqni to‘sishga intiladi. Yomg‘ir yog‘adigan o‘xshamasdi. Bahodir Imomov suv xo‘jaligi tizimida ancha yillardan beri ishlaydi. U tog‘li hududning tabiatini yaxshi biladi. Bu yerda bir deganda yomg‘ir yog‘adi. Shotirlab yoqqan jaladan keyin zim o‘tmay havo ochilib ketadi. Xullas, tog‘ havosini tushunib bo‘lmaydi. Otasi doim bir gapni ko‘p takrorlardi. “Yoz yopinchig‘ingni tashlama, qishda o‘zing bilasan, buni tog‘ deydilar, shamol qaerdan turganini bilmay qolasan...”. Shu bois u toqqa chiqsa egniga nimadir ilib olishni odat qilgan. Hozir ham ayvonda ilinib turgan yengil kurtkasini oldi. Bahodir akaning bolaligi ham mana shu So‘qoqsoy bo‘ylarida o‘tdi. U terakzordan o‘nga qayrilib suv taqsimlash inshooti tomon yo‘l oldi. Gidrouzeldan xabar olish kerak. Suvchi doim hushyor bo‘lishi darkor. Ayniqsa, bahor oylarida, buni unga ustozi uqtirgan. Bahodir akaning ko‘nglidan navbatchi yosh yigit edi, uxlab qolmadimikan, degan o‘y o‘tdi. Suv inshootigacha bir chaqirim yurish kerak. Birdan osmonni bulut qoplab, kishini xavotirga soladigan shamol esa boshladi. Nahotki...(!) Bahodir aka nimanidir oldindan sezgandek, xavotirli o‘ylar chulg‘ab oldi. Tezroq gidroinshootga yetib olish kerak. Kutilmaganda yomg‘ir shivalab yog‘a boshladi. Egniga kurtasini tashlab olgan Bahodir aka shoshilganicha uni kiyib manzil tomon ildamlab ketdi. Yomg‘ir kuchayib, jalaga aylandi.
U gidroinshootga yetib kelganda So‘qoqsoy o‘zanida suv toshib oqardi. Bu – sel edi. Bahodir aka birin-ketin gidroinshoot quloqlarni ochib toshqin suvni ariqlarga taqsimlay ketdi. Tezroq So‘qoqsoy bo‘yidagi odamlarni ogohlantirish kerak. Navbahorda 50 xonadon, So‘qoq qishlog‘ida 100 xonadon istiqomat qiladi.... Bahodir Imomovning xushyorligi tufayli xavfning oldi olindi. Xavotirga o‘rin qolmadi. Sel ham uncha uzoq davom etmadi. Eng muhimi aholiga ziyon yetmadi. Toshqin ham ancha pasayib qoldi.
Bugungi kunda Parkent tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi hamda tuman Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda sel toshqinini oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilyapti. Hududga bitta yengil mashina va og‘ir texnika biriktirilib, shay qilib qo‘yilgan. Ayni kunlarda muassasada Asqar Jo‘raуev, Abdurashid Ermatov, Umid Bozorov, Ixlos Ashirmatov kabi fidoiy suvchilar xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ular doim hushyor.
Ulug‘bek Hamroqulov,
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot kotibi