Surxon-Sherobod dashtlarini o‘zlashtirish hisobiga ochilgan qo‘riq yerlar zamirida tashkil qilingan Qiziriq tumani tuzilganiga ham bu yil ellik yil to‘lmoqda. 1974-yili qurilgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda yer osti sizot suvlari chiqib ketishini ta’minlashga xizmat qiluvchi kollektorlar va yopiq-yotiq drenaj tarmoqlari ham yillar davomida loyqa hamda cho‘kindilarga to‘lishi oqibatida sekin-asta eskirayapti. Zaminni yoshartirish, yer osti suvlari sathini pasaytirish, unumdor yerning sho‘rlanishini kamaytirish maqsadida har yili tuman hududida yangi kollektor-drenaj tarmoqlari bunyod etilmoqda. Jumladan, amaldagi yilda ham «Qiziriq tumani xo‘jaliklarida kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish» loyihasiga ko‘ra, 2,63 kilometr uzunlikda yangidan kollektor-drenaj tarmog‘i bunyod etiladi.
Ushbu loyiha doirasida tenderda g‘olib bo‘lgan «Faxriddin» MChJ quruvchilari 2 milliard 54,7 million so‘mlik ish bajaradi. Obyekt uchun ajratilgan mablag‘ evaziga bunyodkorlar yuqorida keltirilgan uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmog‘ini barpo etish jarayonida 2 dona quvurli o‘tish inshooti hamda 6 dona akveduk quradilar. Shuningdek, qirg‘oq himoyasi, 2 dona yuza suvlarini tushirgich yumushlarini bajarib, yana yer osti sizot suvlari sathi va minerallashuvini avtomatik monitoring qiluvchi 50 dona «Dayver» qurilmalarini o‘rnatishadi. Loyiha to‘liq yakuniga yetkazilgach, tumandagi qariyb 400 gektar sug‘oriladigan maydonning meliorativ holati yaxshilanishiga erishiladi.
Mazkur obyektda «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi tomonidan seminar o‘tkazildi. Seminarda joriy yilda viloyatning bir necha hududida 14 ta irrigatsiya va 2 ta melioratsiya obyektlarida qurish, rekonstruksiya qilish jarayonlarida ishtirok etayotgan pudratchi tashkilotlarning vakillari, loyihachi tashkilotlar rahbaru mutaxassislari, «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi texnik nazoratchilari hamda bosh mutaxassislari qatnashdi.
Seminarda har bir obyektda ishni loyiha hujjatlarida belgilangan tarzda sifatli qilib bajargan holda shartnomada ko‘rsatilgan muddatda to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish zarurligi qayd qilindi. Ma’ruzada bildirilgan xato-kamchiliklar xususida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirayotgan pudratchi korxonalar va uchastka rahbarlarining fikrlari tinglanib, takliflari muhokama qilindi. Barcha obyektlarda bajarilayotgan yumushlarni tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi hamda «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi texnik nazoratchilari va mutaxassislari yetarli darajada nazorat qilmayotgani ta’kidlanib, ayrim obyektlarda ish sifati shu kun talablari darajasida emasligi tanqid qilindi.
Seminarda pudratchi korxonalar vakillariga tashkiliy ishlar, ya’ni mexanizator va ishchilarni vagon uychalar bilan ta’minlash, oziq-ovqati hamda dam olishlariga sharoit yaratish, vagon uychalarda obyektga tegishli bo‘lgan ish jurnallari hamda qurilish pasporti, loyiha-smeta hujjatlari bo‘lishiga erishish topshirig‘i berildi. Pudratchi tashkilotlar rahbarlariga obyektlarga «Dayver» qurilmalarini o‘rnatishda tajribali mutaxassislarni ishlatish hamda vazirlik serveriga integratsiya qilishni yuzaki emas, balki sifatli amalga oshirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, seminarda davlat dasturi bo‘yicha qurilayotgan obyektlarni loyihalashtirgan loyihachi tashkilotlar rahbarlari zimmasiga bajarilgan ishlar yuzasidan har haftalik loyihaning mualliflik tekshiruvini o‘tkazish va mualliflik jurnallarida qayd qilib borish vazifasi yuklatildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati