O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalarini zaruriy texnikalar, jumladan, ekskavator bilan ta’minlash, faoliyatini moliyalashtirish, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish vazifalari belgilab berilgan. Bularning hammasi suvchi mehnati qadrlanadi, miroblik kasbini tanlagan insonlarga kuch quvvat-bag‘ishlaydi, deganidir.
G‘alaorol tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tasarrufida 84 yarim kilometr xo‘jaliklararo, 143 kilometr ichki kanallar, lotok ariqlar mavjud. Tashkilotimiz 10 ta qishloq xo‘jalik sub’ekti va tomorqachilarning 12 ming gektardan ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi. 2023-yilning vegetatsiya va joriy qishki mavsumda suv iste’molchilariga 54 million kub metr suv yetkazib berishga muvaffaq bo‘ldik.
Zimmamizga ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish borasida yuklangan vazifa ortig‘i bilan bajarildi. Jami 1 ming 551 gektar, jumladan, 500 gektar bog‘, 400 gektar tokzor, 651 gektardagi boshqa ekinlar tomchilatish va yomg‘irlatish usulida sug‘orildi. Joriy yilda yana kamida 1 yarim ming gektar ekinzorda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatishni ko‘zlab turibmiz.
Ayni kunlarda esa, suvning ortiqcha isrof bo‘lishining oldini olish maqsadida tumanimiz hududidagi kanal va ariqlarni betonlash ishlariga e’tibor qaratganmiz. Sug‘orish mavsumiga qadar 97 kilometr uzunlikdagi suv yo‘llari beton qoplamalar bilan qoplanishi lozim. Shuningdek, kerak bo‘lgan joylarga lotok o‘rnatish, polietilen quvur, membrana to‘shash ishlari bajarilmoqda.
Jamoamizda 35 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ular maxsus kiyim-kechak, tungi chiroqlar ta’minlangan. Mehnat ilg‘orlari muntazam ravishda moddiy va ma’naviy rag‘batlantiriladi. Qo‘shimcha daromad olishlari uchun kanallarning muhofaza hududlaridan yer ajratib berganmiz, o‘zlariga ma’qul ekinlar ekib, hosil olishadi. Yordamchi xo‘jaligimiz bor: unda parvarishlanayotgan qo‘y-echki, tovuq-o‘rdaklardan olinayotgan mahsulotlar tufayli jamoamiz a’zolari dasturxoni serfayz va to‘kin bo‘lmoqda...
Oybek BEGIMQULOV,
G‘allaorol tumani “Suv yetkazib berish xizmati”
davlat muassasi direktori