Korrupsiya – jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladigan, barcha sohadagi islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan eng jiddiy xavf-xatarlardan biri.
Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish va ushbu jinoyatga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi.
Shu o‘rinda, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalarida bu sohada muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shu maqsadda inspeksiyaning korrupsiyaga karshi kurashish siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom kabi yana 10 dan ortiq idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Bu borada korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun barcha turdagi aloqa kanallarining («Ishonch telefoni», elektron pochta manzillari, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa sahifalar) uzluksiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Joriy yilda inspeksiya tomonidan 50 dan ortiq targ‘ibot va profilaktika tadbirlari o‘tkazildi, – deydi “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha ma’sul xodim Anvarbek Islombekov. – Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari kabi mavzular bo‘yicha xodimlarning huquqiy bilimlari oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda inspeksiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Bunda, inspeksiya nazorat funksiyalari sohasidagi tadbirlar to‘g‘risidagi tafsilotlar, raqamlar, hisobot va ma’lumotlar muntazam ravishda internet tarmog‘idagi rasmiy veb-sayt hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilmoqda.
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati