Termiz muhandislik texnologiya institutida boshqa sohalar kabi irrigatsiya va melioratsiya mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Jumladan, Qurilish fakultetining suv xo‘jaligi va melioratsiya, gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish, irrigatsiya tizimlarida gidrotexnika obyektlari ta’lim yo‘nalishlarida 150 nafardan ziyod yosh tahsil olmoqda.
Oliygoh rahbariyati tashabbusi bilan ta’lim dargohida ish beruvchi tashkilot, korxona va muassasalar rahbaru bosh mutaxassislarining talabalar bilan uchrashuvlarini tez-tez tashkil qilish an’anaga aylangan. Galdagi shunday tadbirda Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Botir Alimov talabalar huzurida bo‘ldi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – talabalar o‘quv dargohida o‘zlashtirayotgan nazariy bilimlarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Sohada ko‘p yillik tajribaga ega, mehnat faoliyati davomida viloyatdagi ikki-uch boshqarmaga rahbar bo‘lgan, Sho‘rchi tumani hokimi vazifasida ishlagan, Suv xo‘jaligi vazirligida mas’ul vazifalarda ishlagan B.Alimov yoshlar bilan dildan suhbat jarayonida o‘z tajribalarini gapirib, suvsiz hayot yo‘qligi, shu bois Prezidentimiz va Hukumatimiz sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganligi hamda irrigatsiya va melioratsiya sohasida chuqur islohotlar olib borilayotgani, suvchilik kasbi dunyodagi eng mo‘tabar va ulug‘ kasblardan biri ekanligi xususida fikrlarini bayon etdi. Va talaba yoshlar uchun havza boshqarmasi barcha bo‘limlari eshigi ochiqligini ta’kidlab, istagan paytda sohaning yetuk mutaxassislari yoshlarga o‘z tajribalari va qimmatli maslahatlari bilan amaliy ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘nggida havza boshqarmasi rahbari talabalarning qiziqtirgan savollariga aniq va lo‘nda javob berdi.
Uchrashuv doirasida Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda Termiz muhandislik texnologiya instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati