Bo‘ka Toshkent viloyatining suv yetib borishi qiyin bo‘lgan tumanlardan biri hisoblanadi. Buni yaxshi bilgan dehqonlar kam suv sarflab mo‘l hosil yetishtirish uchun suv tejovchi texnologiyalardan unumli foydalanishni ko‘zlashmoqda. Joriy yil hosili uchun tumanda 1200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tatbiq etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda “Suvkredit.uz» elektron platformasi orqali 31 ta fermer xo‘jaligi 852 gektar maydonga ushbu texnologiyani joriy etish maыsadida ariza topshirgan bo‘lsa, hozirda ularning 27 nafariga qariyb 10 mlrd. so‘m kredit ajratilib, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Ayni paytda “AQLLI SERA”, “MAXSUS SUV XIZMATI”, “VOBKENT TOMCHI” MChJlar quruvchilari tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish uchun qurilish-montaj ishlarini bajarishmoqda.
Bo‘ka tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM idorasida o‘tkazilgan seminar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Seminarda suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, dalasiga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga talabgor xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga yaratilayotgan imtiyoz hamda qulayliklar, shuninngdek, texnologiyani o‘rnatgan fermerlarga shu yilning oxirigacha xarajatlarning bir qismi subsidiya hisobiga qoplanishi tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar yakunida fermer xo‘jaliklari hamda pudratchi korxonalar vakillari tomonidan ayrim muammoli masalalarning yechimiga doir savollarga mutaxassislar o‘z takliflarini bildirishdi,
Chirchiq-Ohangaron ITHB matbuot xizmati