Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi «Sherobod» nasos stansiyasi viloyatdagi yirik stansiyalardan biri hisoblanadi. «Janubiy Surxon» suv omboridan kanal orqali keluvchi obihayotni 35 metr balandlikka ko‘tarib, Qiziriq, Bandixon, Sherobod, Muzrabot tumanlari ekinzorlarini sug‘orishga xizmat qiluvchi ushbu nasos stansiyasida 7 ta yirik agregatlar rejim asosida ishlatib kelinmoqda. «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi mutaxassislari jamoada mehnat qilayotgan 30 nafar muhandis-texnik xodimlar ishtirokida seminar o‘tkazib, stansiyasidagi mavjud gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qanday amal qilinayotgani hamda texnik holatini o‘rganishdi. Stansiyadagi agregatlar yirik, noyob hamda ehtiyot qismlari narxi qimmat va topilishi qiyin. Shuning uchun jamoa a’zolari agregatlar va elektr dvigatellarni doimiy texnik qarovdan o‘tkazishayotgani, har bir agregatni navbat bilan ishga qo‘shish, tez-tez ta’mirlab turish, nosoz holga kelgan ayrim uskunalarni yangisiga almashtirish yoki qayta sozlab yana foydalanish evaziga agregatlar va jihozlar umrini uzaytirib, iste’molchilar talabi bo‘yicha dalalarga yetarlicha suv yetkazib berishayapti.
Nazorat inspeksiyasi vakillari seminar jarayonida jamoa a’zolariga har bir gidrotexnik inshoot, agregat, elektr dvigatellarni xafsiz, ishonchli va texnik soz holatda ishlatish qoidalariga amal qilish, gidrotexnika inshootlarini boshqarish, suv hisobini to‘g‘ri yuritish bo‘yicha o‘z tavsiya hamda maslahatlarini berishdi.
Birinchi nasos agregati ta’miri bo‘yicha bajarilayotgan ishlarni kuzatgan inspeksiya vakillari, ayniqsa, elektr jihozlarini joylashtirishda xavfsizlik qoidalariga amal qilinmayotganligini aniqladilar. Drenaj tarmoqlaridagi nosozlik tufayli suv behuda oqib yotgani, agregatlar, ayniqsa, elektr dvigatellarni sozlash jarayonida ayrim kabellar tarmoqdan uzilmagani, stansiya ichki qismi tartibga keltirilmay to‘zib yotgani kabi xato-kamchiliklari nasoschilarga tushuntirildi.
Nasos stansiyasi atrofida ancha yer bo‘lib, suv – bir qadam. Ammo xodimlar bo‘sh joylarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga negadir urinishmagan. «Yashil makon» loyihasi doirasida stansiyasi hududiga o‘tqazilgan mevali va manzarali daraxt nihollari ham to‘liq ko‘karmagan, ancha joy foydalanilmay yotibdi. Ancha ilgari nasos stansiyasining issiqxonasi bo‘lardi, limon va ertachi sabzavotlar yetishtirilardi. Bugun esa issiqxonaning joyi turibdi, usti yopilmagan. Limon daraxtlari ham yo‘q hisobi. Chorva mollari, parranda boqishga qulay sharoit bo‘lishiga qaramay, bu imkoniyatdan jamoa to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilinib, yordamchi xo‘jalikni rivojlantirish hususida tavsiyalar berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati