Boyovut tumanidagi “Tinchlik” mahallasida “Obod xonodon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi asosida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlariga Boyovut tumani irrigatsiya bo‘limi jamoasi ham munosib hissa qo‘shmoqda.
– Shu kungacha “Dehqonobod” va “3-Boyovut”, mana hozirgi kunda “2-Boyovut” hudududi tozalanyapti, – deydi Boyovut tumani irrigatsiya bo‘limi mutaxassisi G‘.Zarifov. – “Tinchlik” mahallasidan o‘tgan zovurning 4,5 kilometrlik qismi tozalanmoqda, hozirda 3 kilometrdan ortiq joy tozalanib, obodonlashtirib bo‘lindi. Bu boradagi ishlarni mustaqillik bayramigacha to‘liq yakunlashni rejalashtirganmiz.
Bundan tashqari, Boyovut tumanidan o‘tgan “Oltinsoy” kollektorining 130 kilometr masofasida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, buning uchun mahalliy byudjetdan 3 mlrd. 400 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Ta’mirlash-tiklash ishlariga 5 dona ekskavator jalb qilingan.
Sanjar Toshpo‘latov,
Quyi Sirdaryo ITHB matbuot kotibi