Prezidentimiz joriy yilning 16–17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohadagi kanallarning katta qismi tuproq o‘zanli bo‘lganligi tufayli oqib turgan obihayotning 35 foizigacha yo‘qotilayotganligini ta’kidlab, kanallarni betonlashtirish yuzasidan dastur tayyorlash va ishlarni jadallashtirish topshirig‘ini bergandi. Topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun bugun vohadagi sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha sezilarli yumushlar bajarilayotir.
Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, tuproq o‘zanli kanallarda obihayotning bir qismi yo‘qotilsa, ichki sug‘orish tarmoqlarida suv sarfi bundan ham ortib ketayapti. Chunki ichki sug‘orish tarmoqlari minglab kilometrdan iborat bo‘lib, kanallardagi obihayot ana shu ichki tarmoqlarga tarqatilayotgani tufayli beton qilinmagan va asosiy qismi tuproq o‘zanli bu tarmoqlardagi suv quyoshda bug‘lanishi va yerga singib ketishi oqibatida yarmiga yaqini isrof bo‘layotir. Shu jihatlarni e’tiborga olib, mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga asosan 2023–2024 yillarda birinchi navbatda viloyat bo‘yicha 1100 kilometr uzunlikdagi ariqlarni tartibga keltirish va betonlashtirish rejalashtirildi.
Tahlillarga ko‘ra, ichki sug‘orish tarmoqlaridagi obihayotdan klaster tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari ekin maydonlari sug‘oriladi. Boz ustiga ularning ko‘pi qishloqlar, mahallalar, fermer xo‘jaliklari dalalari o‘rtasidan o‘tgan bo‘lib, ichki sug‘orish tarmoqlarining barchasini tozalash va betonlashtirishga irrigatsiya bo‘limlarining ishchi kuchi ham, mablag‘i ham yo‘q. Lekin suv sarfini kamaytirish, isrofgarchilikka barham berish va iqtisod qilish choralaridan asosiysi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ekanligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.Shuning uchun irrigatorlar va dehqonlar maslahatlashuvidan keyin dalasiga suv oladigan ariqlarni fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari o‘zlari tozalashi hamda betonlashtirish choralarini ko‘rishlari tavsiya qilindi. Ayni paytda viloyatdagi barcha fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari a’zolari hamda mutaxassislari ariqlarni betonlashtirishga alohida ahamiyat berishayotir. Ichki sug‘orish tarmoqlarida texnika, ishchi kuchi jalb qilinib, yetarlicha sement, shag‘al, qum va boshqa zarur xomashyolar keltirilib, kuniga har bir fermer yoki klaster tashkiloti bir kilometr atrofidagi ariqlarni betonlashtirishayotir va ta’mirlashmoqda. Ko‘pdan quyon qochib qutulmas, deganlaridek, fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari mutaxassislarining tashkilotchilik va tashabbuskorligida qisqa fursatda viloyat bo‘yicha jami 372 kilometr uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlari betonlab chiqildi. Bu borada ayniqsa, Sho‘rchi, Uzun, Qiziriq, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Angor tumanlarida ish namunali olib borilayapti.Fermer va klaster tashkilotining mas’ul qilib biriktirilgan vakillari betonlashtirishni qat’iy nazorat qilib, sifatga e’tiborni kuchaytirishmoqda. Ish unumi yuqori bo‘lishiga erishish uchun tashkilotchilar betonlashtirishda ishtirok etayotganlarga ish joyida issiq choy va issiq ovqat tayyorlashmoqda.
– Ma’lumki, beton yaxshi qotishi va ish sifatli bo‘lishi uchun ob- havo ham qulay bo‘lib tursa, ishchilarga mehnat qilish ham oson, ham ancha xarajattalab betonlashtirish ham sifatli bo‘ladi, – deydi Amu-Surxon ITHB bosh mutaxassisi, betonlashtirish bo‘yicha havza boshqarmasida tashkil qilingan shtab a’zosi Ilhom Fayzullayev. – Dekabr oyi Surxondaryoda yog‘ingarchiliksiz kechmoqda va kun osha quyosh porlab turibdi. Fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlarining betonlashtirish bo‘yicha tashkil qilingan brigadalari a’zolari ob- havo iliq bo‘lib turganidan unumli foydalanib qolish uchun ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishni jadallashtirishmoqda.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati