Suv xo‘jaligi sohasida Turkiya davlati bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mamlakatning “Akplast”, “Acar MAK-SAN”, “Ardent plastik”, “Agro new drip” kabi yirik korxonalari tomonidan O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalari uchun polietilen quvurlar, tomizg‘ichli lentalar, nasos va filtr qurilmalari hamda turli xildagi fitinglar ishlab chiqarilmoqda.
“Agrobank” ATB bilan birgalikda tashkil etilgan “Suv loyihalari markazi” va “Suvchilar maktabi” tomonidan joriy yilda 155 ta tumanda fermerlar, agroklasterlar mutaxassislari va suvchilarni o‘qitishda turkiyalik 15 nafar soha mutaxassislari va olimlar faol ishtirok etdi.
Hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etish uchun Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R.Qarshiev Anqara shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Turkiya Davlat suv ishlari bosh boshqarmasida o‘tkazilgan muzokaralarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sug‘orish tarmoqlari (kanallar)da suv yo‘qotilishlarining oldini olish hamda sohada raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish borasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar suv omborlaridan suv yetkazib berishda yopiq quvurli sug‘orish tizimiga o‘tkazish bo‘yicha Turkiyaning malakali ekspert va mutaxassislarini O‘zbekistondagi loyihalarga jalb qilish va loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Anqara shahridagi suv tejovchi texnologiyalarning fitinglarini ishlab chiqaruvchi “Senkron” kompaniyasiga tashrif chog‘ida ishlab chiqarilayotgan maxsulot turlari va faoliyati bilan tanishildi. Kompaniya rahbariyati tomonidan O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida filial tashkil etishga qiziqish bildirildi.
Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining laboratoriyasi (TAMTEST) suv nasoslari texnik parametrlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimining quvurlari va boshqa ehtiyot qismlari hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarining sifatini tekshirish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda olib borilgan muloqotda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Irrigatsiya va suv muammolari institutida xuddi shunday laboratoriyani tashkil etish va kadrlarni tayyorlashga kelishib olindi.
Shuningdek, Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi (TAGEM)da ham muzokaralar olib borilib, sug‘orishning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha respublikamizdagi suv xo‘jaligi xodimlari va fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda turkiyalik olim va soha mutaxassislarni jalb qilish muhokama qilindi.
Axborot xizmati