Uyingizga mehmon kelayotganidan xabar topsangiz, albatta, uy-joyni, hovlingizni va tevarak-atrofni tozalash, supirish, tartibga keltirishga kirishasiz. Yaqin kunlarda yurtimizdagi har bir xonadonga, har bir tashkilot va korxonalarga aziz «mehmon» – Yangi yil tashrif buyuradi. Shu munosabat bilan Amu-Surxon ITHB tarkibidagi boshqa tashkilotlar singari «Surxon-Sherobod» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli «Jarqo‘rg‘on» suv taqsimlash inshootida tevarak-atrofni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur suv taqsimlash inshooti hududida bir gektarga yaqin zamin bo‘lib, bu yerga va issiqxonada xodimlar uchun yil bo‘yi turfa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiriladi. Shuningdek, atrofda har mavsum mevali va manzarali daraxtlar tup soni ham ko‘paytirib borilayapti. Inshootda mehnat qilayotgan xodimlar kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan har kuni hashar uyushtirib, inshoot jihozlari, suv to‘suvchi darvozalar hamda bino va daraxtlarni bo‘yoqlash, oqlash, ortiqcha va hosil bermaydigan shoxlarini kesish, daraxtlar ostini bellashmoqda. Bundan tashqari, kechki ekinlar hosili yig‘ishtirib olingan ochiq maydonlarni qo‘l kuchi va mexanizmlar bilan yumshatishmoqda.
– Hozir ag‘darib qo‘ysak, qish bo‘yi qor, yomg‘ir ostida turgan yer ko‘pchiydi, «orom» oladi, qurt-qumursqalar nobud bo‘ladi, kelgusi yil hosili uchun kuch to‘playdi, – deydi «Jarqo‘rg‘on» suv taqsimlash inshooti boshlig‘i Davron Xoliyorov. – Natijada ekinlaridazdan mo‘l va sifatli hosil olamiz.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati