Buxoro viloyatida mavjud gidroinshootlar – nasos stansiyalari, suv omborlari, kanal va kollektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish va o‘tkazuvchanligini oshirish orqali suvni tejash, obihayotni yetkazib berish sarf-xarajatini qisqartirish bo‘yicha amaliy sa’y-harakat jadal davom ettirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilingan “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil”da yirik kanallar va ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha aniq manzilli loyihalar ishlab chiqilib, ro‘yobga chiqarilmoqda.
Ayni kunda Kogon tumanida ham qishki va erta bahor mavsumida qishloq xo‘jaligi sug‘orish tarmoqlarining umumiy 69 km uzunlikdagi qismini betonlashtirish ishlariga kirishilgan bo‘lib, shundan joriy yil yakunigacha 21 km ariq o‘zanini betonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Niyoz Hoji” hududidagi “Parravshantrans” MChJga qarashli ichki ariqning 900 m, “Beklar” hududidagi “Quyixomi” arig‘ining 3600 m, “O‘rta cho‘l” hududidagi “Agroklaster” MChJ tasarrufidagi ichki ariqning 2000 m, shuningdek, “Bahouddin Naqshband” hududidagi “Kichik Yabon” arig‘ining 2100 m qismida betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi.
Bundan tashqari, “Beklar” hududidagi “Quyixomi” arig‘ining 100 m o‘zani betonlashtirildi. Xuddi shunday, “Niyoz Hoji” hududidagi “Parravshantrans” MChJning ham ichki arig‘iga 100 m masofada beton latok o‘rnatilib, “Beklar” hududidagi “Saroy” arig‘ining 200 m qismida nivelirlash ishlari, qolaversa, “Kichik Yabon” arig‘ining 200 m qismida tuproq ishlari bajarilib, betonlashtirishga tayyorlab qo‘yildi.
Qayd etish joizki, tumanda har yili kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar doirasida fermer hamda dehqon xo‘jaliklari, qolaversa, mahalla va qishloqlardagi tomorqa yer egalari o‘zaro hamkorligida hasharlar tashkil etish yo‘li bilan umumiy uzunligi 562,7 kilometrga cho‘zilgan xo‘jaliklararo ichki ariqlarni tozalash, suv o‘zanini talabga mos holga keltirish, nishabligini olish, tuproq ishlarini amalga oshirish ham allaqachon boshlangan. Shundan, texnika va maxsus mexanizm yordamida 78,7 km, xo‘jaliklar jamoalari qo‘l kuchi yordamida 484 km uzunlikdagi suv yo‘lini hashar tarzida tozalash chora-tadbiri ko‘rilmoqda.
Bu borada ham bugunga kelib amalda, 320,7 km uzunlikdagi ariqlar hashar yo‘li bilan tartibga solingan bo‘lib, bu umumiy ish hajmining 57 foizini tashkil etmoqda. Jarayonda asosan cho‘l massividagi ariqlarning 45,6 kilometri maxsus texnika kuchi vositasida tozalangan bo‘lib, bu ish hajmining 58 foizini tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, “Yangi hayot” hududidagi “Chorva Kamol Jamol”, “Start cotton agro prom”, “Mo‘minbobo Husenov”, “O‘rta cho‘l” massividagi “Temur Akram Buxoriy”, “Hamdambobo Choruqiy”, “Beklar” hududidagi “Kogon Ne’matullo” kabi o‘ndan ortiq fermer xo‘jaligida, shuningdek, hududdagi “Agroklaster” MChJ tasarrufidagi irrigatsiya tarmoqlarida ariqlarni tozalash tadbirlari davom ettirilmoqda.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati