Ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda muzeylarning o‘rni nihoyatda beqiyos. Zero, muzeylarda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak ma’naviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, e’zoz va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantiradi.
Ayni shu jihatlarni e’tiborga olgan holda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi kasaba uyushmasi tomonidan “Moziyga sayohat” dasturi doirasida boshqarmada faoliyat yuritayotgan bir guruh suvchilar yoshlar xamda mutaxassislar viloyatimizdagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida joylashgan muzeyga sayohat tashkil etildi.
– O‘zlikni anglash tarixni anglashdan boshlanadi, – deydi boshqarma kasaba uyushmasi raisi M.Qahhorov. – Jonajon O‘zbekistonimiz buyuk tarix va ulug‘ ajdodlarimiz makonidir. Yoshlarimizni o‘tmishdan va uning saboqlaridan xabardor qilish esa bugungi kunning muhim vazifalardan biri sanaladi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar yosh xodimlar va yosh avlodga ma’naviy ozuqa berish hamda ularda vatanga muhabbat, ajdodlarga, tariximizga bo‘lgan faxr tuyg‘ularini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Quyi Zarafshon ITHB matbuot xizmati