Farg‘onada suvchilar mehnatini qadrlashadi va zurur darajada rag‘batlantirishadi. Shu bilan birga viloyatda ob-hayotning naqadar yashash uchun zururligi va uning qishloq xo‘jaligi noz-ne’matlari yetishtirishda o‘ta muhimligini juda yaxshi biladilar. Bundan buyon suv tarmoqlarini rovonlashtirish orqali tejab-tergab foydalanishga har qachongidan ko‘proq ahamiyat berish zarurligini ham yaxshi anglaydilar. Shu boisdan hozirgi kunda kanallar, soylar, katta ariqlarni betonlashtirishga kirishdilar. Tumanlarga borilsa irrigatsiya tizim boshqarmalarining g‘ayrat bilan ish boshlaganini ko‘rgan kishi inshootlarda, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida bugungi kun ko‘zi bilan qaralsa mehnat simfoniyasi baralla yangrayotganidan ko‘ngil yorishadi.
Sharafli mehnat bir tomondan texnika va suvchilar qo‘l kuchi bilan olib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ko‘pchilik fermer xo‘jaliklari, klasterlar bergan ko‘mak tufayli avj olayotgani sir emas. Ularga Prezidentimizning suv tizimini chet el tajribasi asosida tubdan isloh qilish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari dasturilamal bo‘layotir.
Bugungi kunda yangi 2024-yil kirib kelayotgan yaqin kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar rejalashtirilib olindi.
– Suvchilarimizning mehnati qadrlashga loyiq, – deydi “So‘x-Oqtepa” ITB boshlig‘i Ilhomjon Hoshimov. – Ko‘p sonli mutaxassislarimiz, o‘rta maxsus xodimlarimiz texnika kuchiga tayanib yakunlanayotgan yildan ko‘ra Yangi yilda samaraliroq ishlash rejasini tuzib olganmiz. Tasarrufimizdagi beton kanallarni, gidrouzellarni, suv taqsimlash bo‘limlarini, beton kanallari, o‘zanli kanallarni qaytadan nazoratdan o‘tkazib mutlaqo boshqacha usulda ta’mirlashga kirishishni rejalashtirdik. Qo‘qon shahridan o‘tgan 9 ta soy va kanallarning betonlashmagan qismini to‘la betonlashni, suv isrofini yo‘qotishni ta’minlashni o‘zimizning burchimiz deb bilmoqdamiz. Yil yakuni bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishimizda bu masalalarni gaplashib oldik.
Bundan rejalar tuzayotgan irrigatsiya tizim boshqarma boshliqlaridan Sirojiddin Umarov, Akmaljon Hamroqulovlardan ham ana shunday gaplarni eshitdik. Viloyatdagi 16 ta shahar va tuman irrigatsiya bo‘limlarida ham barcha suvchilar kelgusi yildan ishni tubdan boshqacha tashkil etishga bel bog‘ashdi. Farg‘ona viloyatiga qo‘shni bo‘lgan Qirg‘iziston respublikasidan kirib kelayotgan suvning bir tomchisini isrof qilish hiyonat darajastida qabul qilayotgan suv tizimi boshliqlaridan tortib oddiy mirobgacha barchaning so‘ziga ishonish mumkin. Ilgarigi yillarda ham qish kunlarida ham ishni bo‘shashtirmagan suvchilar boshqalarga ibrat bo‘lib kelgani hech kimning yodidan chiqman hali. Mamlakatimiz rahbarining suv tejab foydalanish sohasida tinimsiz qaror va direktiv ko‘rsatmalar berayotgani esa har bir suvchining g‘ayratini jo‘sh urdirayotir.
Kuni kecha “So‘x-Oqtepa” irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli “Tomosha” suv taqsimlash bo‘limida kuzgi-qishki ishlar bo‘yicha seminarga tayyorgarlik olib borilayotganini ko‘rdik. Bu tadbir boshqarmaning 2023-yil yil oxiridagi rejasiga kiritilgan edi. Seminarni o‘tkazishga asosan yoshlar tashabbus ko‘tarib chiqqan edi. Bu suv taqsimlash bo‘limida jami 5 nafar ishchi ishlaydi. Bunday qaraganda ozga o‘xshagani bilan atrofdagi inshootlar xodimlari yordamga kelsa oson bo‘lishi hammaga ayon. Yoshlar ana shuni o‘ylagani yaxshi niyat emasmi!? “Tomosha” beton kanali viloyatning O‘zbekiston, Furqat tumanlarining 10000 gektar ekin maydonini sug‘orishga xizmat qiladi. Kanalning uzunligi 7,2 kilometrga teng, uchastka yordamchi xo‘jalik ekin yer maydoni esa 80 sotix, shundan 1,5 sotixida issiqxona tashkil kilingan. 10 sotixga to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz ekildi. “Yashil makon” loyihasi uchun 20 sotixga yer va ko‘chatlar tayyorlanmoqda.
Har kuni yordamchi xo‘jalikda yetishtirilgan mahsulotlardan issiq ovqat, palov tayyorlanib ishchilarga bepul berilmoqda. Tashabbus rahbarlarning nazaridan qolmadi. Suv taqsimlash bo‘limi boshlig‘i Sherzodjon Qurbonaliev seminar o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatgani, fidoyilik bilan tashkilotchilik ishlari olib borgani uchun oxirgi chorak yakunlariga ko‘ra “Eng yaxshi uchastka boshlig‘i” deb tan olindi hamda boshqarmaning “Faxriy yorlig‘i” va telavizor bilan mukofotlandi.
Hamidjon BURHONOV,
jurnalist