Amu-Surxon ITHBda barcha tizim tashkilotlari va tumanlar irrigatsiya bo‘limlari rahbar-xodimlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Boshqarma boshlig‘i Botir Alimov boshqargan yig‘ilishda Suv xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 29-dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektorida belgilangan vazifalar, ko‘rsatib o‘tilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, 2024 yildagi vazifalar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Mas’ullar zimmasiga topshiriqlar ijrosini so‘zsiz bajarish yuklandi.
Yig‘ilish oxirida joriy yil mobaynida zimmalaridagi vazifalarni namunali bajargan, hamkasblariga, ayniqsa, yosh mutaxassislarga har jihatdan o‘rnak bo‘layotgan havza boshqarmasi bosh gidrometri Soatmurod Boyqulov hamda havza boshqarmasi avtotransport va mexanizmlardan foydalanish bo‘limi boshlig‘i Ashurmuhammad Mamatqulovlarga vazirlikning tashakkurnomalari, shuningdek, havza boshqarmasi dispetcherlik bo‘limi bosh mutaxassisi Alisher Hayitnazarovga «Suv xo‘jaligi a’lochisi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshiriladi.
– Ko‘p yillik mehnatlarim yuqori baholanib Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan «Suv xo‘jaligi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishimni nafaqat menga, balki barcha hamkasblarimga berilgan mukofot deb, – deydi A.Hayitnazarov. – Yangi yil arafasida topshirilgan bu mukofot bayramga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. Bunday e’tibor quvonch bag‘ishlashi barobarida kelgusida yanada g‘ayrat bilan ishlashga undaydi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati