Qashqadaryo viloyati suv xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘nlab, yuzlab suvchilarning ustozi, tajribali mutaxassis, o‘z kasbining “professori” Botir Rahimov qutlug‘ 70 yoshga to‘ldi.
U 1976-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Dastlab ikki yil Kitob tumani sug‘orish tarmoqlari boshqarmasi bosh muhandisi bo‘lib ishlagan. 1978-1998 yillarda “Hisorak” suv omborida va “Hisorakgidroqurilish” trestida rahbar lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. 1998-2001 yillarda Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lgan.
Botir Rahimov ko‘p yillar Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2019-2020 yillarda “Qashqadaryosuvqurilishinvest” davlat unitar korxonasiga rahbarlik qilgan.
Hozirda “Nuroniy” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati bo‘limining raisi.
Samarali mehnatlari natijasida 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i, 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Botir Rahimov qaerda, qaysi mansabda ishlamasin, hamisha suvchilarni qo‘llab-quvvatlagan, sohani rivojlantirishga astoydil hissa qo‘shgan.
Iqtidorli, o‘ziga o‘xshagan fidoyi shogirdlar yetishtirgan.
Xalqimizda “Yomg‘ir bilan yer ko‘karar, duo bilan el ko‘karar” degan purma’no naql bor.
Botir aka, yana uzoq yillar yurt xizmatida bo‘lish, elning duosini olib, yashnab, yasharib yurish Sizga nasib etsin. Sog‘ va omon bo‘ling!
Suv xo‘jaligi vazirligi jamoasi