«Amu-Zang» irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufida bir necha yirik kanallar bo‘lib, ular yordamida viloyatning beshta tumani ekin maydonlari, bog‘-rog‘lar, aholi tomorqalari obihayot bilan ta’minlanadi. Umumiy uzunligi 88 kilometrdan iborat «Zang» kanali shunday yirik sug‘orish tarmoqlaridan biri bo‘lib, 1967-yili qurilib foydalanishga topshirilgan. Kanalning 10,4 kilometr qismi tuproq o‘zanli, qolgan qismi betonlashtirilgan hamda har ikki-uch yil orasida joriy ta’mirlab turilganiga qaramay, yillar davomida suv oqaverganidan betonlarning bir qismi ko‘chgan, ayrim qismi yaroqsiz holda. Bundan tashqari, mutaxassislarning fikricha, kanaldagi mavjud 163 ta gidrotexnika inshootlarining ham asosiy qismi ta’mirtalab.
Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi «2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan mamlakatimizning ayrim viloyatlaridagi sug‘orish tarmoqlarini Jahon banki mablag‘lari hisobidan «Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi asosida rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Jumladan, «Amu-Zang» irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufidagi «Zang» kanalini ham inshootlari bilan rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda. Shu munosabat bilan loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish, joylarda loyihaning aholi va tabiatga ta’sirini o‘rganish maqsadida Jahon bankining suv resurslari bo‘yicha bosh mutaxassisi Abdulhamid Azad boshchiligidagi delegatsiya vakillari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududidan «Zang» kanali o‘tgan qishloqlar va mahallalar aholisi, klaster tashkilotlari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashishdi, ularning fikrlarini eshitishdi va takliflarini tinglashdi.
Delegatsiya vakillari Amu-Surxon ITHB ma’muriy binosida bosh mutaxassislar bilan o‘tkazgan uchrashuvda ham loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotgani haqida axborot berilib, moliyalashtirish va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi va loyiha har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi yuzasidan maslahatlashildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati