Xalqimiz farovonligini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi eng muhim ne’matlardan biri bu – suv resurslaridir. Qadimdan ajdodlarimiz obi hayotning bir tomchisini ham isrof qilmasdan, unumli foydalanib, hamjihatlikda va farovon hayot kechirganlar. Daryo va soylarning o‘zanlarini boshqarib, ariqlar qazib, suv chiqarganlar, manzillarni obod etganlar.
Prezidentimiz joriy yil 18-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘ta muhim topshiriqlarni berdilar.
Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari topshiriqlar ijrosini ta’minlashga astoydil harakat qilib, dehqonu-bog‘bon, mirishkoru-sohibkorlarga ko‘makchi bo‘lmoqda.
Vazirlik huzuridagi Axborot-tahlil va resurs markazi suvdan unumli foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va tejash yo‘lida sohani raqamlashtirish ishlariga hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunga kelib, respublikamiz hududlarida suv sarfini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi 11 349 ta “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatildi. Mazkur qurilmalardan kelayotgan ma’lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “smartwater.uz” axborot tizimi ishlab chiqildi. Natijada suv nazorati va hisob-kitobini onlayn yuritish va suvni tezkor boshqarish orqali suvdan foydalanish samaradorligi 10 foizga yaxshilanishiga erishildi.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, yer osti suvlari sathini onlayn kuzatuvchi “Dayver” qurilmalaridan jami 6 657 tasi o‘rnatildi. Mazkur qurilmalardan kelayotgan ma’lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Melioratsiya” axborot tizimi ishlab chiqildi. Natijada sizot suvlari sathi va mineralizatsiyasi onlayn monitoring yuritish orqali yerlarning meliorativ holatini baholash aniqligi hamda melioratsiya tadbirlarini o‘tkazish samaradorligini 20 foizga oshirish imkoniyatlari yaratildi.
Mamlakatimizda sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizi nasos stansiyalari va sug‘orish quduqlari orqali suv bilan ta’minlanadi. Shu bois elektr energiyasini tejash vazirligimiz oldidagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi.
Bugungi kunga kelib nasos stansiyalarida suv sarfini “onlayn” nazorat qilish uchun 1 722 ta qurilma o‘rnatildi. Mazkur qurilmalardan kelayotgan ma’lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Nasos stansiyalari” axborot tizimi ishlab chiqildi. Shuningdek, o‘rnatilayotgan nazorat-o‘lchov qurilmalaridan kelayotgan ma’lumotlarni qabul qiluvchi ma’lumotlar bazasi va qurilmalarni tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish uchun API manzillar bilan ta’minlovchi dasturiy ta’minot ham ishlab chiqilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda vazirlik hisobidagi nasos stansiyalarida o‘rnatilgan va sarflanayotgan elektr energiya ko‘rsatkichlarini nazorat qilish imkonini beruvchi qurilmalar ma’lumotlarini vazirlikning tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi uch yilda 65 ta yirik suv xo‘jaligi obуektlarini boshqarish avtomatlashtirildi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratildi.
Hozirda mazkur axborot tizimi Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida test rejimida sinovdan o‘tkazilmoqda. Test-sinov ishlarining muvofaqqiyatli yakuni bilan mazkur axborot tizimi respublikamizning boshqa hududlarida joriy qilinadi.
Bundan tashqari, suv xo‘jaligi obуektlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarning texnik ko‘rsatgichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Suv xo‘jaligi obуektlari” axborot tizimi ishlab chiqildi.
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha ulkan vazifalar, marralar qo‘yilgan. Ularga erishish yo‘lidagi ezgu say’-harakatlar davom ettirilmoqda.
Ilhom Jo‘raуev,
Axborot-tahlil va resurs markazi direktori