Nasos stansiyalari va energetika sohasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot
Hisobot davrida vazirlik tizimidagi nasos stansiyalari, ularda o‘rnatilgan nasos agregatlari, sug‘orish va meliorativ quduqlar, podstansiyalar, transformatorlar va elektr uzatish tarmoqlarini texnik soz holatda saqlash, ishonchli ishlashini hamda ularni takomillashtirishni ta’minlash va rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
- nasos stansiyalarida 2372 dona nasos agregatlari, 1346 dona sug‘orish quduqlari joriy va tubdan ta’mirlandi;
- zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni joriy qilish maqsadida 5044 dona yorug‘likdiod lampalar, 100 dona kondensator, 69 dona chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar va 86 dona quyosh batareyalari o‘rnatildi.
- nasos stansiyalarda chiqarilayotgan suv miqdorlarini va sarflanayotgan elektr energiyasi nazoratini inson aralashuvisiz shaffof tarzda olib borish maqsadida nasos stansiyalarga raqamlashtirilgan elektr hisoblagichlar hamda 1008 dona suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi.
2022-yilda 7150,0 mln. kVt. soat elektr energiyasi limiti belgilangan bo‘lib, elektr energiyasini tejash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, o‘rnatilgan zamonaviy energotejamkor qurilmalar hisobiga 6780,0 mln. kVt. soat elektr energiyasi sarflandi. Natijada limitga nisbatan 370 mln. kVt. soat (296,0 mlrd. so‘mlik) hamda o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan 744,7 mln. kVt. soat (595.7 mlrd. so‘mlik) elektr energiyasi tejaldi.
Nasos stansiyalari va elektr energiyasidan
oqilona foydalanish bo‘limi